#tabrik Qadrli akademik litsey oʻqituvchi va murabbiylari, aziz bitiruvchilar, hurmatli ota-onalar! Respublikamizdagi 71 ta oliy taʼlim muassasalari tasarrufidagi akademik litseylarda “Soʻnggi qoʻngʻiroq” yangrab, 12 ming nafardan ortiq oʻquvchilarimiz bitiruvchilarga aylandi, ularning hayotida yangi sahifa ochilib, katta hayotga uchirma boʻlishmoqda. Soʻnggi yillarda Prezidentimiz tomonidan akademik litseylarga iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini rivojlantirish, ularni qoʻllab-quvvatlash uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Ulgʻayib kelayotgan yosh avlodning ilm-fanga boʻlgan intilishlarini ragʻbatlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish borasidagi islohotlarni tizimli amalga oshirilmoqda. Shuningdek akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish boʻyicha bir qancha qarorlar imzolandi. Ushbu qarorlar natijasida jumladan quyidagilarga erishildi: — akademik litseylar faoliyatiga oid barcha jarayonlar toʻliq raqamlashtirildi; — iqtidorli oʻquvchilar uchun “Akademik litsey iftixori” va “Rektor” stipendiyalari joriy qilindi; — har yili bitiruvchi kurs oʻquvchilari uchun chet tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatini olish boʻyicha bepul test sinovlarini oʻtkazish tizimi joriy etildi; — 14 ta hudud boʻyicha bittadan akademik litseylar xalqaro fan (kimyo, biologiya va fizika) olimpiadalarida foydalaniladigan oʻquv laboratoriya jihozlari bilan taʼminlandi; — soʻnggi uch yilda xalqaro fan olimpiadalarida 13 ta medallar qoʻlga kiritildi. Shundan 3 ta oltin, 3 ta kumush, 7 ta bronza; — bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish koʻrsatkichi 92 foizga yetdi; — iqtidorli bitiruvchilarga oltin va kumush medallar berish tartibi joriy qilinib, bu yildan ilk marotaba 141 nafar bitiruvchi oltin, 168 nafari esa kumush medal bilan taqdirlandi. Aziz bitiruvchilar! Barchangizga kelgusi hayotda ulkan yutuq va omadlar tilayman. Umid va ishonch ramzi boʻlgan diplom va medallaringiz muborak boʻlsin! Hech shubhasiz, oʻz bilim va isteʼdodini Vatanimiz va xalqimizga munosib farzand boʻlishdek olijanob maqsadlarga sarflashga chogʻlanib turgan Sizdek tirishqoq va intiluvchan farzandlarimiz – bizning ishonchimiz va tayanchimizdir. Hech qachon unutmang, kelajakda Sizni yanada ulkan va masʼuliyatli marralar kutmoqda. Oldingizga aniq maqsad qoʻyib, bor kuch-gʻayratingiz, bilim va salohiyatingiz bilan harakat qilsangiz, koʻzlagan choʻqqilarga albatta erishasiz. Qoʻngʻirotboy Sharipov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri.